MA'NAVIY QADRIYATLAR RIVOJIDA AN'ANAVIY ISLOMNING O'RNI
Ma’naviy va diniy qadriyatlarimiz tarixan uyg‘un holda rivojlanib takomillashib borgan. Ayniqsa, ma’naviy qadriyatlar rivojida an’anaviy islomning o‘ziga xos o‘rni bor. Insoniy fazilatlarning eng yuqori cho‘qqisi, shubhasiz, odob durdonalaridir. Xususan, bugungi kunda komil insonni kamol toptirishda ma’naviy qadriyatlarning ahamiyati beqiyos.
Bu borada, millatimizning ma’naviy qadriyatlari haqida gap ketganda uzoq asrlar qa’rida yuzaga kelgan, vatanparvarlik, do‘stlik, tinchliksevarlik, mehmondo‘stlik, mehnatsevarlik, muruvvat, andisha, or-nomus, halollik, mehr-oqibat, birodarlik va ahil qo‘shnichilik munosabatlari kabi ezgu insoniy fazilatlarni alohida ayd etish lozim. Mintaqamizda o‘n asrdan ortiq mavjud bo‘lib kelayotgan islom dini xalqimizning ana shunday beqiyos ma’naviy qadriyatlarida chuqur aks etib turadi.
Shu o‘rinda bitta nozik nuqtaga e’tibor qaratish zarur. Nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida deyarli ming yildan beri islom dini bilan bog‘liq qadriyatlarimiz hanafiy mazhabi asosida shakllanib kelgan. Hanafiy mazhabining bag‘rikenglik tamoyillari shariatga zid bo‘lmagan milliy urf-odat va an’analarni saqlanib qolishdagi o‘rni beqiyos. Biz hozirda faxrlanib yodga oladigan ajdodlarimizning aksari mana shu mazhab vakillari bo‘lganlar. Demak, ayta olamizki, milliy va diniy qadriyatlarimiz qatorida hanafiy mazhabi an’analari ham o‘ziga xos o‘ringa ega. Hozirda, yurtimizga chetdan kirib kelayotgan, xalqimizning asrlar davomida shakllangan e’tiqodiga zid bo‘lgan turli begona diniy oqim va firqalar nafaqat muqaddas dinimizga, balki, bevosita ma’naviy qadriyatlarimizga ham tajovuz ekanini anglab yetishimiz kerak. Yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabi buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini, xususan, hanafiy mazhabi ulamolarining merosini hamda moturidiylik aqidaviy ta’limotini o‘rganish va targ‘ib qilish markazlari faoliyatiga bejiz asos solinmadi. Demak, to‘laqonli ishonch bilan ayta olamizki, hanafiy mazhabi va moturidiylik ta’limoti – xalqimizning ma’naviy qadriyatlari bilan mujassamdir. Nafaqat bizning, balki mintaqmizdagi qardosh va dindosh xalqlarning ham muqaddas qadriyatidir. Hanafiy mazhabi an’analariga zid oqimlar va firqalarning g‘oyalarini tarqatish milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga tahdid, deb qaraladi.
Ta’kidlash jozki, mehmondo‘stlik, o‘zaro hurmat-ehtirom, ota-onaning haqlarini ado etish, ijtimoiy hamkorlik, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, xususan, jamiyatdagi ehtiyojmand qatlamlarga ko‘maklashish xalqimizga xos ezgu fazilatiga aylangan. Jahonda kechayotgan koronavirus pandemiyasining eng og‘ir pallasida xalqimizning jipsliligi va ahilligi, o‘zaro yordamlashishga doimo tayyorligining jonli guvohi bo‘ldik. Agar biz g‘arbdan kirib kelayotgan individualizmga yon berib, millatimizga xos bo‘lgan jamoaviylik tamoyillarini yo‘qotib qo‘yganimizda natija qanday bo‘lar edi?
Demak, bugungi rivojlangan jamiyatda, xususan, globallashuv davrida ma’naviy qadriyatlarning o‘rni beqiyos. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, targ‘ib qilish bugungi jamiyatning dolzarb va ustivor vazifalaridan ekanligi bejiz emas. Ammo, kezi kelganda aytish kerak – bugun ijtimoiy hayotda mavjud ayrim illatlarni “o‘zbekchilik” deb xaspo‘shlanishi mutlaqo o‘rinsiz holatdir. Dabdabavozlik, moddiyatparastlik, har qanday ishda kimo‘zarga berilib ketish, riyokorlik, xo‘jako‘rsinchilik, jinoyat botqog‘iga botirib yuboruvchi tanish-bilishchilik va korrupsiya kabi illatlar millatni va xalqni tanazzulga yetaklaydi. “Topayaptimi qandini ursin” deyish, “uzumini yeb, bog‘ini surishtirmaslik” milatning ofati bo‘lib xizmat qiladi. Pul topgan, mol topgan obro‘li bo‘lavermaydi, qayerdan qay yo‘sinda topgan, nimaga sarflayapti, birovning haqqini yeb, o‘zini harom-harishga urgan kimsa kabi kishilardagi salbiy illatlar yuzasidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi darkor. Xususan, fuqarolik jamiyatining muhim asoslaridan biri jamoatchilik nazoratining mavjud bo‘lishidir. Odamlar bunday holatlarga befarq va loqayd bo‘lmasliklari, eng asosiysi xayrixoh bo‘lib qolmasliklari shart.
Ko‘rinib turibdiki, globallashuv jarayonida texnologik rivojlanish bilan birga ma’naviy qadriyatlar ham jamiyat a’zolari uchun suv va havodek zarur. Zero, bugungi rivojlangan davrda jamiyat ma’naviy qadriyatlarsiz ruhan va ma’nan kemtik holatga tushib qoladi. Har qanday jamiyatda axloqiy me’yorlarning ahamiyati beqiyos.
Globallashuv sharoitida moddiy chegaralar tobora nisbiylashib, ma’naviy qadriyatlar asta-sekin umumiylashib borishi kuzatiladi. Bunday davrda milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish, miliy o‘zlikni anglash va qadriga yetish tushunchalari ustivor maqsadga aylanadi. Milliy o‘zlikni anglash va qadrlash jarayoni ma’naviy qadriyatlarimizning poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Jahongir Tohirov
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i