Imom Al-Buxoriy va Ibn Sinoga tegishli nodir asarlarning qadimiy nusxalari Ar-Riyoddan topildi - Islom sivilizatsiyasi markazi


Imom Al-Buxoriy va Ibn Sinoga tegishli nodir asarlarning qadimiy nusxalari Ar-Riyodda joylashgan Qirol Fadh nomidagi milliy kutubxonada ekani aniqlandi.

Saudiya Milliy kutubxonasi bugun fondining boyligi, adabiyotlarning noyob va qadimiy ekani bilan alohida oʻringa ega. Uning kitoblar va qadimiy hujjatlar, artifaktlar saqlanadigan boʻlimida 6 mingdan ziyod manbalar bor. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi mazkur milliy kutubxonada yurtimiz zamini bilan bogʻliq noyob manbalarga duch keldi.

Birinchi toshbosma kitob – milodiy 1592-yilda Italiyada nashr etilgan Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi, XI asrga taalluqli, hijriy 540-yilda koʻchirilgan Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari delegatsiya aʼzolariga namoyish etildi. Aytish joizki, har ikki asar ilmiy jamoatchilik uchun gʻoyatda muhim manbalar hisoblanadi va ajdodlarimizning dunyo tamadduni, ilm-fan rivojiga qoʻshgan bemisl hissasini koʻrsatadi. Milliy kutubxonaga tashrif davomida har ikki kitobdan faksimile nusxa olish bilan bogʻlik hamkorlikning kelgusidagi muhim jihatlari kelishib olingan.

— Muhtaram Prezidentimiz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini yaratishda xalqaro hamkorlik hamda tajriba almashish masalasiga alohida toʻxtalib, muhim topshiriqlar berilgan edi. Bu vazifalar bugun faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqyapti. Saudiya Arabistoniga qilingan bu safar davlat rahbari bergan topshiriqlarni yuqori darajada, sifatli bajarishga yordam beryapti. Xorijiy mamlakatlarga qilinadigan ilmiy safarlar bugungidek noyob manbalarni aniqlashimizda yordam beryapti.

Har ikki kitob ham juda qadimiy. Shuning bilan birga yurtimiz allomalarining jahon va islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini yorqin namoyon etadi. Biz ushbu kitoblarni tadqiq etish bilan bogʻliq hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Bugun safarimiz davomida qay bir manzilda boʻlmaylik, ular Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni, ayniqsa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tarixni oʻrganish hamda ilmiy-madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni eʼtirof etishyapti, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.

 

Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari hamda mazkur kutubxonaning xalqaro boʻlim boshligʻi, bosh menejeri Abdulaziz Alzeyer va qoʻlyozmalar departamenti rahbari Talal Alshamirs bir davrada hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilishgan.

Milliy kutubxona masʼullariga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy sohalarga katta eʼtibor berilayotgani, ana shu ishlarning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani, uning kontentini yangi mazmun bilan boyitishda xalqaro tajriba oʻrganilib, ilmiy doira vakillari bilan muloqot maydoni tashkil etilayotgani haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan nashr etilgan “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob albomining 20 ta jildi kutubxonaga Oʻzbekiston nomidan tuhfa qilingan.

— Bizda koʻplab manbalar, nodir kitoblar bor. Ammo ularning eng moʻtabarlari Movarounnahr allomalarining asarlaridir. Biz ayni vaqtda mavjud fondni kataloglashtiryapmiz. Ilmiy tadqiq etishda esa, Buxoriy avlodlari sifatida koʻmagingiz lozim boʻladi. Oʻz navbatida, biz ham har qanday hamkorlikka tayyormiz. Bu olib borilayotgan ishlar davlatingiz rahbari tashabbusi va xayrihohligi asosida boʻlayotgani esa, bizni yanada mamnun etdi. Oʻzbekiston ilm ahliga muloqot qilish va islomning asl mohiyatini tushunishda platformaga aylanib boryapti, — dedi Qoʻlyozmalar departamenti rahbari Talal Alshamirs.

Delegatsiya aʼzolari ayni vaqtda oʻz ishini Podshohlikning Jidda shahrida davom ettiryapti.

Elyor Goʻroʻgʻliyev, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi axborot multimedia boʻlimi boshligʻi